Barcha yangiliklar RSS

Markaz yangiliklari

"Ilm-fan taraqqiyoti sari yangi qadam"

Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida Xorazmda suv xo‘jaligi sohasi uchun yana bir muhim ob’ekt Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi Xorazm mintaqaviy markazining yangi binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

 

 

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari va mutaxassislari, olimlar, soha faxriylari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

 

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamraev qatnashib, yig‘ilganlarni yangi binoga ega bo‘lgani bilan muborakbod etdi.

 

 

Vazir o‘z so‘zida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan mamlakatimiz suv xo‘jaligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, sohani ilmiy asosda rivojlantirish, zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilayotgan e’tibor xususida to‘xtaldi. Keyingi yillarda suv xo‘jaligi tizimida erishilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar zamirida, avvalo, suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, ilm-fan bilan amaliyot o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadi mujassam ekani ta’kidlandi.

Darhaqiqat, suv tanqisligi sharoitida sohada ilmiy izlanishlarni kuchaytirish, mavjud muammolarga ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqish hamda ularni amaliyotga tatbiq etish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu ma’noda, Xorazm mintaqaviy markazining yangi binosi hududda suv xo‘jaligi ilmini yanada rivojlantirish uchun munosib zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Markaz faoliyati suv xo‘jaligi sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish, hududga xos masalalarni chuqur o‘rganish, ilmiy ishlanmalarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish va mutaxassislar salohiyatini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Mustaqilligimizning 35 yillik shodiyonasi arafasida foydalanishga topshirilgan mazkur bino sohadagi bunyodkorlik va yangilanishlarning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. Eng muhimi, bu maskan Xorazm vohasida suv xo‘jaligi ilmining rivoji, yangi g‘oya va tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi uchun xizmat qiladi.

 

 

 

 

 

 

 


2-09-2026, 11:47
Ko'rishlar: 235
Sahifani chop etish
Suv hayotning asosi, uning qayta tiklanadigan resursidir. Uni shunday boshqarish kerakki, uning tabiat bilan munosabatlari doimiyligi saqlanib qolsin.
“Suv O‘zbekiston Respublikasining davlat mulki, umummilliy boylik hisoblanadi, suvdan oqilona foydalanish lozim bo'lib, u davlat tomonidan qo'riqlanadi”