Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi Xorazm mintaqaviy markazi (Markaz) va “Xorazm Mukammal Loyiha” MChJ bilan 2026 yil 1 iyunda tuzilgan 01/06/01-sonli shartnomaga asosan Markaz ilmiy xodimlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joylashgan O‘ngqirg‘oq magistral kanalining suv keltiruvchi qismida magistral kanalda ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirish uchun loyqa o‘tirishi bilan bog‘liq muammo yechimiga qaratilgan amaliy ishlar bajarildi.
Dastlab Markazning “Irrigasiya tizimlari va suvni tejaydigan texnologiyalar” laboratoriyasi muxandisi I.Sultanov tomonidan buyurtmachi tashkilot mutaxassislari bilan birgalikda O‘ng qirg‘oq magistral kanalining suv keltiruvchi qismida ob’ekt loyihaviy parametrlarini o‘rganish ishlari olib borildi.
|
|
Magistral kanalda kuzatuvlar shuni ko‘rsatdiki, Amudaryodan kanalga kirib kelayotgan loyqa oqiziqlar miqdorining yuqoriligi sababli kanalning suv o‘tkazish qobiliyati yetarli emas, bu esa kanalning katta masofadagi loyqa o‘tirishi oqibatida kanal sayozlashgani bilan bog‘liq. Bu omil, ayniqsa, minimal oqim tezligida sezilarli. Kanalning minimal oqim tezligi 70 m³/s, kanal nishabligi 0,0005, tubining kengligi 50 m, kanal qiyaligi nisbati m=3 va oqim tezligi 0,48 m/s. Suvning loyqaligi mavsumiy ravishda o‘zgarib turadi. Maksimal loyqalik aprel, may va iyun oylarida kuzatiladi. May oyida kuzatilgan maksimal loyqalik 3,63 kg/m³ ni tashkil qiladi. O‘rtacha cho‘kindi diametri 0,1-0,8 mm.
Markaz mutaxassisi I.Sultanov tomonidan foydalanish (ekspluatatsiya) xarajatlarini kamaytirish maqsadida kanalning suv keltiruvchi qismida suv tindirgich qurish taklifi berilib, ushbu loyihani amalga oshirish uchun zarur tindirgichning paramertlari hisoblab berildi. Jumladan, A.N.Gostunskiy usuli bo‘yicha tindirgich uzunligini aniqlash, suv tindirgichni ishlatish uchun mashinalarning optimal komplekslarini tanlash bo‘yicha buyurtmachi tashkilotga xisob-kitob ishlari taqdim qilindi.
|
Yakuniy hisob-kitoblar natijasiga ko‘ra magistral kanalda ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirish uchun kanalning suv keltiruvchi qismida loyiha asosida 0,8 km uzunlikda tegishli o‘lchamlarda suv tindirgich qurilishi tavsiya etildi.

