Ilmiy xodimlar tomonidan Shinjon usulida tomchilatib sugʼorish tizimini Xorazm tuproq sharoitida ishlatish samaradorligi oʼrganilmoqda

Ilmiy xodimlar tomonidan Shinjon usulida tomchilatib sugʼorish tizimini Xorazm tuproq sharoitida ishlatish samaradorligi oʼrganilmoqda

Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti (ISMITI) huzuridagi Xorazm mintaqaviy markazi “Irrigatsiya tizimlari va suvni tejaydigan texnologiyalar” laboratoriyasi mudiri H.Durdiyev rahbarligida Yangiariq tumani “Zarbdor Tagan” fermer xoʼjaligida Xitoyning Shinjon texnologiyasi asosida yetishtirilayotgan gʼoʼza dalasida dala tadqiqotlari olib borilmoqda. 

Fermer xoʼjaligi tomonidan joriy yilda 30 ga maydonda “TIANYE AGRO” kompaniyasi tomonidan Shinjon usulida XIN LU ZAO 64 xitoy gʼoʼza navi ekilgan boʼlib, shu jumladan alohida konturda 4,6 gektar tajriba maydoni tanlab olingan. Chigit 76 x10 sxemada qoʼsh qator qilib plyonka ostiga ekilgan boʼlib, sugʼorish hamda oʼgʼitlash ishlari tomchilatib sugʼorish texnologiyasi (TST) asosida amalga oshirilmoqda.

Image 1 Image 2
Image 3 Image 4

 

Dala tadqiqot ishining asosiy maqsadi XIN LU ZAO 64 xitoy gʼoʼza navining viloyat sharoiti uchun yangiligi sababli, tomchilatib sugʼorish tizimi joriy etilganda sugʼorish meʼyorlari va oʼgʼitlash jarayonini oʼrganishdan iborat. 

Tajriba dalasida fenologik kuzatuvlar olib borish bilan birgalikda sugʼorishni toʼgʼri boshqarish maqsadida chegaraviy dala nam sigʼimiga (ChDNS) muvofiq sugʼorish ishlari tashkil etilmoqda. Dalada tuproq namligini oʼlchash uchun “Watermark Soil Moisture Sensor and Digital Meter” namlik oʼlchash uskunasi sensorlari gʼoʼza ildiz tizimining rivojlanishiga qarab 20 sm, 30 sm va 40 sm chuqurliklarga oʼrnatildi. Bundan tashqari namlik parametrlarini taqqoslash maqsadida PPS-01 qurilmasidan foydalinilmoqda. Sugʼorishdan oldin hamda sugʼorishni yakunlashdan oldin tuproq namligi aniqlanmoqda. 

Image 5Image 6

 

Shinjon usulida gʼoʼza yetishtirishda fosforli va kaliyli oʼgʼitlarni ekishdan oldin kultivator yordamida toʼliq berish tavsiya qilinadi. Tadqiqotimiz davomida, asosan suvda yaxshi eriydigan azotli oʼgʼitlar va mikroelementlarni tomchilatib sugʼorish tizimi orqali (fertigatsiya) hamda gʼoʼzaning oʼsish surʼatini normallashtirish, shona va gullar toʼkilishining oldini olish maqsadida bargdan oziqlantirish ishlari olib borilmoqda.

Paxta yetishtirishda tuproq namligiga qarab sugʼorishni tashkil qilish (ayniqsa, tomchilatib sugʼorish tizimi bilan birgalikda) hosildorlikni keskin oshirish va xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi. Tadqiqot ishlari natijasida Shinjon usulida yetishtirilayotgan gʼoʼza navining tuproq namligiga bogʼliq holda sugʼorish meʼyori aniqlanadi hamda oʼgʼitlash tadbiri natijalari oʼrganiladi. 

Tadqiqot yakuni boʼyicha viloyat fermer xoʼjaliklari uchun Shinjon usulida tomchilatib sugʼorish tizimini joriy etish yuzasidan ilmiy tavsiyalar tayyorlanadi.

 

26-07-2026, 19:04
Sahifaga qaytish