Xorazm viloyati hokimligi va “TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti hamkorligida “Xorazmda suv tejash va sho‘r yuvishning innovatsion zanjiri” mavzusidagi o‘quv-amaliy seminari va ko‘rgazmasi tashkil etildi
2026 yil 27 avgust kuni Urganch tumani hokimligi binosida Xorazm viloyati hokimligi va “TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti hamkorligida “Xorazmda suv tejash va sho‘r yuvishning innovatsion zanjiri” mavzusidagi o‘quv-amaliy seminari va ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Seminar ishida viloyat hokimi J.Raximov, viloyat hokimligi, viloyat va tumanlar qishloq va suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari, “TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti rektori va olimlari, Urganch davlat texnika universiteti olimlari, Chapqirg‘oq Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi hamda tizim tashkilotlari mas’ullari, klaster va fermer xo‘jaligi rahbarlari, olimlar, yosh tadqiqotchilar, magistrantlar va talabalar ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi Xorazm mintaqaviy markazi ilmiy xodimlari seminarda va ko‘rgazmada o‘zlarining suv hisobini yuritish bo‘yicha “Aqlli suv” elektron uskuna va boshqa o‘lchov asbob-uskunalari bilan faol qatnashdilar.
Tadbirda Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov hamda “TIQXMMI” Milliy Tadqiqot Universiteti rektori Bahodir Mirzaev o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandum doirasida qishloq va suv xo‘jaligida ilm-fan yutuqlarini amaliyotga keng tatbiq etish, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish va malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan qator muhim vazifalar belgilab olindi.

Seminar ishida “TIQXMMI” Milliy Tadqiqot Universiteti olimlari tomonidan, jumladan Javlon Ishchanov – “Irrigatsiya va melioratsiya masalalari”, Dilshod Qodirov – “Energiya samaradorligini oshirish”, Oybek Shukurov – “Urug‘larga plazmali ishlov berish, bioo‘g‘itlarni qo‘llash, tuproq namligini monitoring qiluvchi sensorlar”, Sayfullo Qodirov – “Dron xizmatlarini ko‘rsatish” mavzularida tadbir ishtirokchilari uchun taqdimot qildilar.

