FOLUR -O‘zbekiston loyihasi doirasida "G‘o‘za yetishtirishda qayta tiklanuvchi qishloq xo‘jaligini joriy etish" mavzusida fermer dala kuni tashkil etildi
2026 yil 23 sentyabr kuni Xorazm viloyati Yangibozor tumani "Baraka Baltimor" fermer xo‘jaligi dalasida FAO tomonidan FOLUR -O‘zbekiston loyihasi doirasida "G‘o‘za yetishtirishda qayta tiklanuvchi qishloq xo‘jaligini joriy etish" mavzusida fermer dala kuni tashkil etildi.
|
|
Dala kuni tadbirini Xorazm viloyati hokimining o‘rinbosari -
O‘. Masharipov, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari - J .Abduzuxurov, FAO ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari - Sh.Umarov, Toshkent Agrar universiteti rektori – N.Oblomuradovlar kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Shuningdek, tadbirda viloyat qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda ularning viloyat tashkilotlari raxbar va mutaxassislari, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti professori, viloyat hokimi ilmiy maslahatchisi B.Matyaqubov, Urganch davlat universiteti olimlari, viloyat fermer xo‘jaliklari raxbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
|
|
Bundan tashqari tadbir ishida FAO ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi taklifiga binoan Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi Xorazm mintaqaviy markazi direktori O.Eshchanov, ilmiy laboratoriya mudirlari U.Sharipov va X.Durdievlar ishtirok etishdi.
Dala kunining asosiy tadbirida FAO ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mas’ul xodimlari A.Nurbekov, Sh.Nizomov, Sh.Xoldorovlar tomonidan “Baraka Baltimor” fermer xo‘jaligi hududida tashkil etilgan tajriba uchastkasida regenerativ qishloq xo‘jaligi usulida ekilgan Xorazm-127 paxta navi bo‘yicha vegetatsiya davrida amalgan oshirilgan ishlar va oddiy usulda ekilgan dalalardagi olingan natijalar to‘g‘risida tadbir ishtirokchilariga batafsil ma’lumot berildi.
Shu bilan birga FOLUR loyihasi doirasida qishloq xo‘jaligida tuproqni himoya qiluvchi va resurs tejovchi texnologiyalar, g‘o‘zani sug‘orish, tuproq tarkibi, tuproq unumdorligini saqlash, namlikni boshqarish va o‘simlik qoldiqlaridan samarali foydalanish, demo maydonda No-Till texnologiyasi, xususan, g‘o‘zani an’anaviy tarzda 5 marta sug‘orish o‘rniga, muayyan agrotexnik tadbirlarni qo‘llash orqali 3 marta sug‘orish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Bunda suv sarfini kamaytirish bilan birga, tuproqdagi namlikni uzoqroq saqlashga erishish mumkinligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida FAO ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mas’ul xodimlari va ishtirokchilar bilan savol-javob va muhokamalar qizg‘in davom etdi.



